IMG-LOGO
Bosh sahifa Buxoro Yangiliklari Buxoro shahrida yangi ma’muriy markaz tashkil qili
Buxoro Yangiliklari

Buxoro shahrida yangi ma’muriy markaz tashkil qilinadi.

2026-04-10 7 0

Shavkat Mirziyoyev raisligida 2-aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Buxoro shahrida yangi ma’muriy markaz tashkil etish rejalari ma’lum qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda viloyatda aholi soni ortib borayotgani inobatga olinib, uy-joy va infratuzilmani kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, Buxoro tumanidagi “Rabotak” mahallasida 63 gektar maydonda 10 mingdan ortiq xonadonga mo‘ljallangan zamonaviy uy-joy majmuasini barpo etish, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” massivi va bog‘ini tashkil qilish rejalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, Buxoro davlat universiteti uchun yangi kampus qurilishi ham nazarda tutilgan.

Majlisda transport va muhandislik infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ham qator vazifalar belgilandi. Viloyatda umumiy uzunligi 33,1 kilometr bo‘lgan 7 ta aylanma yo‘l qurish, G‘uzor—Buxoro—Nukus—Beyneu yo‘lining 78 kilometri hamda Samarqand—Buxoro—Turkmanboshi yo‘lining 71 kilometrlik qismini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, A-380 avtomobil yo‘li bo‘yida 30,8 gektar yer maydonini auksionga chiqarib, 403 ta servis loyihasini joylashtirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, og‘ir toifadagi 3 ta tuman va 36 ta mahallada, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston qiyofasi” asosida rivojlantirilayotgan 2 ta tuman va 35 ta mahallada yo‘l, elektr, suv hamda sug‘orish tarmoqlarini yaxshilash ishlari amalga oshiriladi. Ushbu maqsadlar uchun jami 593 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan.

Qayd etilishicha, 2026-yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish uchun jami 4 trillion 484 milliard so‘m ajratiladi. Bu mablag‘lar hisobidan maktablar, bog‘chalar, tibbiyot muassasalari, shuningdek, kommunal va transport infratuzilmasi bo‘yicha yuzlab loyihalar amalga oshiriladi.

Ushbu yig‘ilishda Buxoro viloyatida 2026-yil oxirigacha kambag‘allik va ishsizlik darajasi 2 foizgacha tushirilishi ma’lum qilingandi. Bunda 381,5 ming nafar aholini daromadli qilish nazarda tutilgan. Yig‘ilishda 2026-yil uchun asosiy ko‘rsatkichlar ham belgilangan.

Majlisda sanoatni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Kogon tumanida yiliga 80 mingta elektr va gibrid avtomobil ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgani ta’kidlangan. Loyihaning qiymati 350 million dollarni tashkil etib, 500 ta ish oʻrni yaratiladi.

Shuningdek, Buxoro turizm va madaniy meros texnikumini Avstriyaning Krems universiteti boshqaruviga berish rejalashtirilgani ma’lum qilingan. Texnikumni mazkur oliygoh boshqaruviga berish orqali dual ta’lim tizimini joriy etish rejalashtirilgan.



Izoh qoldiring

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi. Majburiy maydonlar belgilangan *

Fikrlar

Hozircha fikrlar yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!